leaf

SAMARQAND: IPAK YO‘LI MARKAZIDA QURG‘OQCHIL YERLAR KELAJAGI

This page is available in:
Remote video URL

Samarqandda moviy rang ko‘zga tez-tez tashlanadi: koshinkor gumbazlarda, iyun oyining musaffo osmonida va Ipak yo‘li karvoni jamoasi a’zolarining feruza rang futbolkalarida. Ammo Markaziy Osiyoda moviy rang shunchaki rang emas. U — suv ramzi. Suv esa taqchil, teng taqsimlanmagan va mintaqa hayoti uchun beqiyos ahamiyatga ega. Negaki, Markaziy Osiyo hududining 80 foizdan ortig‘ini cho‘l va dashtlar egallagan, qurg‘oqchilik esa 26 milliondan ziyod aholiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Asrlar davomida savdo va g‘oyalar chorrahasi bo‘lib kelgan Samarqand Buyuk Ipak  Karvonni Markaziy Osiyoga chorladi.  Bugun esa bu mintaqada yerlarning degradatsiyasi, qurg‘oqchilik va suv tanqisligi insonlar hayoti hamda tabiat qiyofasini tobora ko‘proq belgilab bermoqda.

Ipak yo‘li karvoni Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi Assambleyasiga yetib keldi

Markaziy Osiyoda yerlarning kamida 20 foizi degradatsiyaga uchragan, va yerlarning qariyb 80 foizi esa yaylov sifatida foydalaniladi. Shu bois yaylovlar holatini asrash oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi turmushini yaxshilash va iqlim hamda boshqa xavf-xatarlarga nisbatan barqarorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning iyun oyida Samarqand Global ekologik jamg‘armaning sakkizinchi assambleyasiga mezbonlik qilar ekan, u yana bir uchrashuv nuqtasiga aylandi. Bu yerda qurg‘oqchilik, yaylovlar va yerlarni qayta tiklashga oid muhokamalar bevosita joylardagi amaliyot bilan — yaylovlar, pista plantatsiyalari, to‘qay o‘rmonlari, ko‘chatxonalar va universitet laboratoriyalaridagi amaliy faoliyat bilan bog‘landi.

Ipak yo‘li karvonini Samarqanda rasman kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bo‘yicha milliy qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov ushbu tashabbusni Buyuk Ipak yo‘lining ko‘p asrlik tarixi bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, Karvon do‘stlik, hamkorlik va yer hamda atrof-muhit uchun mushtarak mas’uliyat ruhini yana bir bor jonlantirayotganini ta’kidladi.

Aziz Abduhakimov Ipak yo‘li karvonini kutib olmoqda

Bu voqealar Global ekologiya jamg‘armasi Assambleyasidagi muhokamalarga yo‘nalish berdi. Unda Cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha milliy muvofiqlashtirish markazi qurg‘oqchilikni moliyalashtirish, yaylovlar va chorvadorlarning turmush tarzi kabi Markaziy Osiyoning ekologik kelajagini ko‘p jihatdan belgilaydigan masalalarga e’tibor qaratdi. O‘zbekiston uchun eng muhim yangiliklardan biri – Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi Global mexanizmi tomonidan amalga oshiriladigan uch yillik “O‘zbekistonda iqlim barqarorligi va yerdan barqaror foydalanish uchun uglerodli dehqonchilik” tashabbusining ishga tushirilishi bo‘ldi. Loyiha yerlarning tanazzulga uchrashi neytralligini, iqlim barqarorligini hamda tuproq unumdorligini yaxshilashni qo‘llab-quvvatlash uchun uglerodli dehqonchilik amaliyotini sinovdan o‘tkazadi. Shu bilan birga, besh ming gektar maydonda boshlang‘ich ma’lumotlar bazasini yaratadi hamda bir mingta kichik yer egalari, chorvadorlar va o‘rmon xo‘jaligi xodimlarini ushbu jarayonga jalb qiladi.

Ushbu jihatdan olib qarasak, vaziyatning jiddiyligi yaqqol ko‘rinib turibdi: hozirgi vaqtda Markaziy Osiyodagi 152 million gektardan ortiq yer maydoni qurg‘oqchilik ostida qolgan bo‘lib, bu mintaqa aholisining yarmidan ko‘prog‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Assambleya, shuningdek, O‘zbekiston va butun mintaqa uchun aniq investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi. Samarqanddagi uchrashuv arafasida Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan “Markaziy Osiyo tog‘ ekotizimlari” mintaqaviy loyihasi uchun 5.4 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ tasdiqlangani e’lon qilindi. Shu bilan birga, 26 million AQSh dollari qiymatiga ega bo‘lgan “Markaziy Osiyoda suv va yer resurslari bog‘liqligi” mintaqaviy dasturi ishga tushirildi. Ushbu investitsiyalar keng ko‘lamli moliyalashtirish tizimining bir qismi bo‘lib, Global ekologiya jamg‘armasining sakkizinchi davriy strategiyasi doirasida amalga oshiriladi.

Zarafshon milliy tabiat bog‘i bioxilma-xillikka boydir

Shu o‘rinda, yerlarning tanazzulga uchrashiga qarshi kurashish uchun 618 million AQSh dollari ajratildi, bu Global ekologiya jamg‘armasining yettinchi davriy strategiyasiga nisbatan 30 foiz ko‘pdir. O‘zbekiston uchun ushbu global ustuvor yo‘nalishlar milliy siyosatda allaqachon o‘z aksini topgan.

Prezidentning “Yashil Makon” umummilliy ko‘kalamzorlashtirish tashabbusi orqali mamlakat har yili 200 million daraxt va buta ko‘chatlarini ekishni hamda 2030-yilga borib yashil maydonlarni kengaytirishni maqsad qilgan. O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi va yashil zonalarni kengaytirish hamda cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin Muxitdinov ushbu ulkan maqsad ko‘lamini aniq tasvirlab berdi:

“Bizning maqsadimiz O‘zbekistondagi yashil maydonlar ulushini bugungi 15 foizdan 2030-yilga kelib 30 foizga yetkazishdir. Bunga yolg‘iz erishish qiyinroq bo‘lishini tushunamiz, shu sababli ushbu ishga xalqaro tashkilotlarni jalb qilmoqdamiz”.

Omonqo‘ton yaylovlari: tiklanish va mavsumiy boshqaruv

Samarqand viloyatidagi Omonqo‘ton manzilida Ipak yo‘li karvoni a’zolari yaylovlarni ko‘zdan kechirdilar. Bu yerda yaylovlarni qayta tiklash ishlari mavsumiy o‘tlatish, o‘simlik turlarini to‘g‘ri tanlash hamda chorva boqish huquqini yanada qat’iy nazorat qilish orqali boshqarilmoqda.

Ko‘chma asalari uyalari o‘simliklarning tiklanishi va gurkirab o‘sishiga yordam berish uchun gullayotgan dalalar bo‘ylab ko‘chib yuradi

Urgut o‘rmon xo‘jaligining Bahri uchastkasi taxminan 1600 gektar maydonni egallaydi. Shundan qariyb 700 gektari o‘rmon zonasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan qismidan yaylov sifatida foydalaniladi. Bu yerdagi muammo butun Markaziy Osiyo uchun xos edi: chorva haddan ziyod ko‘p o‘tlatilgani sababli o‘simliklar siyraklashib ketgan va tuproq namlikni saqlash qobiliyatini yo‘qotgan.

Bu yerda ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Suv kam talab qilinadigan qurg‘oqchil hududlarda bodom daraxtlari va ozuqabop o‘tlar ekilmoqda. Ayrim joylarga chorva mollarini qaytadan olib kirishdan oldin ularga uch yoki to‘rt yil davomida dam beriladi. Baland tog‘li yaylovlar esa faqat mavsumiy o‘tlatish uchun ajratilgan. Darvozalar, kuzatuv kameralari va o‘rmon xo‘jaligi xodimlari hududga kirishni nazorat qilishga yordam beradi, bu esa tashqaridan kelgan hayvonlarning yerlarni qayta tiklash ishlariga xalaqit bermasligini ta’minlaydi.

Tog‘ sharoitida landshaftni tekislashga xizmat qiluvchi kichik tuproq marzalari va terrasalash usuli yomg‘ir hamda eriyotgan qor suvlarini ushlab qolib, namlikni yosh daraxtlar ildiziga yaqin joyda saqlaydi — bu qadimgi yerdan foydalanish an’analariga asoslangan amaliy usuldir. Daraxt turlari ham aynan shu hududning iqlimiga qarab tanlangan: bodom, akatsiya, qayrag‘och va ildizi chuqur ketadigan hamda suvni kam talab qiladigan boshqa chidamli daraxtlar shular jumlasidandir.

Ipak yo‘li karvoni a’zolari Samarqand atrofidagi qayta tiklangan yaylovlarni ko‘zdan kechirmoqda

Ko‘chma asalari xo‘jaliklari (apiariylar) tabiatni tiklash va aholi farovonligi o‘rtasidagi bog‘liqlikni yanada yaqqol ko‘rsatib beradi. Ular gullaydigan o‘simliklar ko‘p bo‘lgan maydonlar bo‘ylab ko‘chib yuradi. Asalarilar o‘tlar, butalar va daraxtlarni changlatib, o‘simlik qoplamining qayta tiklanishiga yordam beradi. Asal savdosidan tushgan daromad esa o‘rmon xo‘jaligi korxonasiga qo‘shimcha mablag‘ bo‘lib qaytadi.

Ipak yo‘li karvoni a’zosi, Niger davlatidan bo‘lgan chorvador, "A2N" chorvadorlar uyushmasi prezidenti hamda G‘arbiy va Markaziy Afrika bo‘yicha IYRP koordinatori Xaruna Abarchi uchun Sahel va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘xshashliklar yaqqol ko‘zga tashlandi.

Uning ta’kidlashicha, asosiy xulosa tayyor modellarni shunchaki ko‘chirish emas, balki ish beradigan usullarni mahalliy sharoitga moslashtirishdan iboratdir. “Bu yerda ko‘rganlarim — muayyan hududlarga mos keladigan o‘simliklarni tanlash va ularni aynan ehtiyoj bor joylarga ekish — o‘z yurtimizda ham o‘zimizning mahalliy sharoitga mos o‘simliklardan foydalangan holda amalda qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan ajoyib tajribadir”, dedi u.

Yerning yagona tili: faxriy o‘rmonchi Isrofil G‘oipov va Ipak yo‘li karvoni a’zosi Xaruna Abarchi muloqot ustida

Sarayqo‘rg‘on: pistaning uzoq muddatli foydasi

Nurobod tumanidagi Sarayqo‘rg‘on qishlog‘ida tabiatni tiklash uchun o‘ziga xos yo‘l tanlandi — bu yerda hosil berishi uchun ancha sabr talab qiladigan pista daraxtlari ekilmoqda. Loyiha doirasida qarovsiz qolgan, o‘ti kam va ilgari chorva mollari tartibsiz o‘tlatilishi oqibatida buzilgan yaylovlar qayta tiklanmoqda. Hozirda ushbu maydonlar yangi pista plantatsiyalari (pistazorlar) barpo etish uchun tayyorlanyapti.

Rejalashtirilgan ishlar ko‘lami inqirozga uchragan yerlarni qayta tiklash va shu bilan birga qishloq aholisi uchun uzoq muddatli daromad manbalarini yaratish borasidagi keng qamrovli mintaqaviy intilishlarni aks ettiradi: 2036-yilga borib Nurobod tumanida 50 000 gektar maydonda pista plantatsiyalari barpo etiladi. Hududda o‘n yillik dehqonchilik an’analariga tayanib, allaqachon bir necha ming gektarlik pistazorlar yaratilgan. Ayni paytda ushbu loyiha davlat ko‘magi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari va mahalliy ishchi kuchi jalb etilgan holda yanada kengaytirilmoqda.

Pista ekish uchun ko‘chat maydonni tayyorlash jarayoni

Pista bu yerlarning sharoitiga juda mos keladi, chunki u unumsiz tuproq va keskin ob-havoga chidamli bo‘lib, o‘nlab yillar davomida hosil beradi. Loyihaning ijtimoiy tomoni ham xuddi shunday muhim ahamiyatga ega.

Daraxtlar hosilga kirgunga qadar, mahalliy aholi ko‘chat xandaklarini qazish, nihollarni parvarish qilish va plantatsiyalarni saqlash ishlariga yollanadi. Pistazorlar yetilgach, kam ta’minlangan oilalar hosildan daromad olishlari uchun ularga 5 gektardan yer ijaraga beriladi.

Sakkiz yildan so‘ng, bitta daraxt bir mavsumda taxminan 4 kilogramm hosil berishi mumkin — bu har gektardan qariyb 1 tonna mahsulot deganidir. 12 yildan keyin esa hosildorlik 10 kilogrammga yetadi. Kutilayotgan daromad taxminan 50 000 AQSh dollarini tashkil etishi, shundan qariyb 10 000 dollari parvarishlash xarajatlariga sarflanishi aytib o‘tildi.

Bu jihatlar pistachilik sohasidagi ushbu tashabbusni shunchaki daraxt ekishdan ko‘ra muhimroq harakatga aylantiradi.  Bu — iqtisodiy tizim sifatida ishlab chiqilgan yerlarni qayta tiklash jarayonidir. U inqirozga uchragan yerlarni daromad keltiradigan aktivga aylantiradi va shu bilan birga atrofdagi yaylovlar yuklamasini kamaytiradi. Bu uzoq vaqtda yetiladigan ekin atrofida qurilgan kambag‘allikni qisqartirish modelidir.

Agar maqsad qilingan 50 000 gektar maydon 5 gektardan bo‘lib berilsa, loyiha vaqti kelib qariyb 10 000 ta oilani boqishi mumkin. Shu tariqa, bu yerlar uni barpo etgan birinchi avloddan keyin ham uzoq yillar xizmat qiladigan qimmatli boylikka (aktivga) aylanmoqda.

Gullarga burkangan Zarafshon davlat tabiat bog‘i

Zarafshon: daryo bag‘ridagi o‘rmonlar

Ochiq va quruq tepaliklardan boshlangan yo‘l Zarafshon daryosining salqin sohillari tomon burilib boradi. Zarafshon milliy tabiat bog‘i O‘zbekistonda saqlanib qolgan noyob to‘qayzorlardan birini muhofaza qiladi. To‘qayzorlar — bu qurg‘oqchil hududlardagi daryo o‘zanlari bo‘ylab yashab qoladigan o‘rmonlardir.

Ushbu o‘rmonlar Markaziy Osiyodagi eng qimmatli qurg‘oqchil hudud ekotizimlari sirasiga kiradi. Suv taqchilligi tobora ortib borayotgan mintaqada bunday daryo bo‘yi ekotizimlari tuproq emirilishi (eroziya), jazirama issiq va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga qarshi tabiiy himoya to‘sig‘i vazifasini o‘taydi.

Ipak yo‘li karvoni" a’zolari Zarafshon milliy tabiat bog‘ida

Ular daryo qirg‘oqlarini mustahkam tutib turadi, shamol eroziyasini (tuproq emirilishini) yumshatadi, havoni salqinlatadi hamda yovvoyi tabiatga, jumladan, Buxoro bug‘ulariga boshpana beradi.

Bu o‘rmonlardan tashqarida — jazirama issiq, chang-to‘zon va ochiq yerlar; daraxtlar soyasining ostida esa — salqinlik, qushlar navosi hamda daryo bo‘yi yo‘lagining qalin yashillikka burkangan hayoti hukmron. Bu — ildizlar, namlik va yashash muhitidan bunyod bo‘lgan tabiiy infratuzilmadir.

Zarafshon bog‘ida tabiatni asrash ishlari faqat uning hududi bilan cheklanib qolmaydi. Bog‘ xodimlari atrofni himoya qilish uchun mahalliy aholi bilan ham yaqin hamkorlik qilmoqda. Ular maktablarda tushuntirish ishlarini olib boryapti, tabiiy narsalardan buyumlar yasaydigan hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini bog‘da sotishga yordam beryapti va qo‘shni qishloqlarda ekoturizmni rivojlantiryapti. 

Shu tariqa, ular park atrofidagi dehqonlar va qishloq jamoalariga o‘rmon kelajagidan bevosita manfaatdor ekanliklarini ko‘rsatib bermoqdalar. Zero, tabiatni asrash ishlari uning atrofida xayrixoh qo‘shnilar bo‘lgandagina yanada mustahkam va bardavom bo‘ladi.

Arnasoy: tuproq sho‘rlanishiga qarshi tabiiy yechim

Ipak yoʻli karvoni a’zolari Jizzaxning Arnasoy tumanidagi "Galofitlar bogʻi"da boʻlib, tabiatning ajoyib chidamliligiga guvoh boʻlishdi. Galofitlar — shoʻr tuproq va qurgʻoqchilikka moslashgan oʻsimliklardir.

Markaziy Osiyoda yerlarning shoʻrlanishi va inqirozga uchrashi eng jiddiy muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Koʻplab ekin maydonlari shoʻrlangan Oʻzbekiston uchun bu oʻsimliklar juda muhim. Mamlakatdagi tuproq shoʻrlanishiga quruq iqlim, yerosti suvlari harakati, drenaj muammolari hamda yillar davomida paxta maydonlarini haddan ziyod sugʻorish sabab boʻlgan.

Galofitlar bog‘idagi ishlar 2026-yilning bahorida boshlangan

Galofitlar bog‘i oddiy ekinlar unib-o‘sa olmaydigan joylarda yashab qoladigan, sho‘rga chidamli o‘simlik turlarini sinash va ko‘paytirish uchun o‘ziga xos tirik laboratoriya vazifasini o‘taydi. O‘zbekistonlik mutaxassislar sho‘rlangan va suvsiz erlar uchun erlar uchun 100 dan ortiq mahalliy o‘simlik turlarini aniqlashdi. Xitoyning Shinjon ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlik esa yana o‘nlab yangi navlarni sinab ko‘rish imkoniyatini kengaytirdi.

Bu bog‘ nafaqat tadqiqot maydoni, balki mintaqaning eng murakkab muammolaridan biri — sho‘r va og‘ir sharoitlarda ham tuproqni tutib tura oladigan o‘simlik turlarini topish va yerlarni qayta tiklashga qaratilgan amaliy yechimdir.

Yashil universitet: qurg‘oqchilik davri bilim yurti

Ipak yo‘li karvoni a’zolari Toshkentda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida, ya’ni Yashil universitetda bo‘lishdi. Dalalarda o‘tgan kunlardan keyin bir narsa aniq bo‘ldi: yerlarni keng ko‘lamda qayta tiklash nafaqat mablag‘ga, balki ko‘proq bilim va malakali kadrlarga bog‘liq.

"Ekologik talablarni moliyaviy strategiyalarga aylantira oladigan yangi avlod mutaxassislarini tayyorlamas ekanmiz, hatto eng mukammal qonun-qoidalar va dasturlar ham qog‘ozda qolib ketaveradi", — deydi Markaziy Osiyo Yashil universiteti rektori, professor Baxtiyor Po‘latov.

Ipak yo‘li karvoni a’zolari Yashil universitetga tashrif buyurishdi

Yashil universitet ekologiya sohasini Markaziy Osiyo kelajagi uchun eng asosiy shior deb biladi. Bu yerda ta’lim jarayoni qurg‘oqchilik, biologik xilma-xillik, yerlarni qayta tiklash va iqlimni moliyalashtirish kabi real hayotiy muammolar bilan uzviy bog‘langan.

Chegaralar osha: "Karvon"ning keyingi manzili

"Karvon" o‘z safarini O‘zbekistondan Qozog‘istonda davom ettirdi. Bu yerda davlat bayrog‘ida va cheksiz dasht osmonida moviy rang yana namoyon bo‘ldi. Butun sayohat davomida moviy rang shunchaki "Karvon"ning ramziy rangi emas, balki suv, chidamlilik hamda qurg‘oqchil hududlardagi odamlar, yaylovlar va tabiatni bir-biriga bog‘lab turuvchi nozik tizimlar timsoliga aylandi.